Turkiston Sayyidlar va Eshonlar diyori

Darhaqiqat Turkiston Sayyidlar va Eshonlar bisyor bo’lgan mintaqadir. Ulug’ avliyolarni aynan mana shu o’lkalardan yetishib chiqishi ham bejiz emas. Tarixiy manbalar mana shu zotlarni ko’pchiligida o’z shajaralari bor ekanligini isbotlaydi. Abdulxoliq G’ijdivoniy, Bahouddin Naqshibandiy, Ahmad Yassaviy kabi Allohning suyukli zotlari bunga yaqqol misoldir. Tabiiki mazkur zotlarning avlodlari inshaalloh hozirda o’z oramizda yashab kelmoqdalar. Balki ularning ba’zilarida qo’lyozma holida shajaralar saqlanib qolmagandir, yoki bo’lmasa saqlangan taqdirda ham hali uni yetarlicha o’rganib chiqishga imkon topa olmagandirlar. Tarixiy Turkiston mintaqasida shajaralarni tadqiq qilish va tasdiqlash bo’yicha hozircha yagona bo’lib xizmat ko’rsatayotgan “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” Jamiyati  ana shunday ezgu ishda baholi qudrat faoliyat yuritmoqda. Shuningdek jamiyatga oxirgi paytlarda dunyoning turli yerlaridan ko’plab shajaralar kelib tushmoqda.

Sanab adog’iga yetib bo’lmaydigan ulug’ zotlar orasida movarounnahrlik alloma, yirik diniy va siyosiy arbob, Naqshbandiya tariqatining rahnamosi va nazariyotchilaridan biri Maxdumi A’zam hazratlari ko’pchilikka ma’lum. U zotning to’liq ismlari Sayyid Ahmad Xojagi ibn Sayyid Jaloliddin Kosoniy Dahbediydir (1463/64-1542). Farg‘ona vodiysining Koson shahrida tavallud topgan bo’lib, qabrlari Samarqand shahridadir. Bu haqda sahifamizning quyidagi linkiga murojaat qilib yanada to’liq ma’lumot olishingiz mumkin. http://www.shajara.info/archives/490

Bu ulug’ zot tarixlari haqida hozirda O’zbekistonda ko’plab ilmiy izlanishlar olib borilgan. Shu bilan birga yillar osha xalq orasida Maxdumi A’zam nomi yodga olinib kelinadi. Ulardan kunimizgacha tarqab kelgan sulola vakillari borligi ham aytib kelingan. Bulardan bir misol Turkistonlik mashhur olim, tarixchi va muayyan davrning davlat boshqaruvchisi bo’lgan Alixonto’ra Sog’uniy hazratlari bo’ladi. Jamiyatimizga kelib tushgan maktublarning birida Alixonto’ra Sog’uniyning ajdodi Maxdumi A’zam hazratlaridan Sayyid Burhoniddin Qilichgacha bo’lgani bayon qilingan.

Maqolamizdan asosiy maqsad, kuni kecha jamiyatimizga kelgan bir murojaatdan iborat ekanligini va Sizlarni shu jarayon bilan tanishtirish edi.

Buyuk Britaniyaning London shahridan bizga yo’llangan samimiy maktub barchamizni diqatimizni tortdi. Maktub yo’llovchilari o’zlarini asli o’zbekistonlik ekanliklarini, Qashqadaryo viloyatining Koson shahrida istiqomat qilganlarini aytib o’tdilar. Bobolaridan shu kungacha meros bo’lib kelgan shajarani tadqiq qilish va tasdiqlash umidida ekanliklari va bu borada bizning qanday ko’magimiz bo’lishi mumkinligi haqida so’radilar.

Bir necha kungacha davom etgan suhbatlar asnosida jamiyatimizga shajaraning aslidan nusxa taqdim qilindi. Shajaraning asli hozirda qo’llarida saqlanayotgan xonadon sohiblaridan shajara haqida so’ralganda ular, “Biz Maxdumi A’zam Dahbediy hazratlarining avlodlarimiz” deb e’tirof qilishdi.

Jamiyatmiz mutaxassislari mazkur xonadon roziligi va muayyan talablar ostida shajara tadqiqotini boshlab yubordilar. Quyida nusxasi berilgan shajara haqiqatan juda tarixiy manba ekanligiga shohid bo’ldik. Ikki qismdan iborat shajaraning umumiy uzunligi 4 metr 60 sm, eni esa 27 smga ega. Qadimiy eski qog’ozga yozilgan, matn tili esa forscha va qisman arabchadir. Shajaradagi ajratilgan qismlarga ko’ra birinchi qismda 72 dona, keyingi qismda 39, oxirida esa 11 ta ya’ni jami 122 dona turli muhrlar mavjud. Muhrlarning kimga tegishli ekanligining ba’zilarini aniqlash mumkin. Shajaraning asosiy qismi yaxshi saqlangan. Biroq uning boshlang’ich va oxirgi qismi aytarlik darajada yaxshi muhofaza qilinmagan. Shuningdek uni ba’zi qismlari to’ldirish va qayta tiklashga muhtoj. Shunday bo’lsada undagi ma’lumotlar boshqa shajaralar bilan taqqoslanib o’rganilganligi tufayli undagi tadqiqot ishlari ba’zi qiyinchiliklarni e’tiborga olmagan holda uncha murakkab kechmayapti. Shajara taxminan IXX-asrning o’rtalarida bitilgan bo’lib, qariib 150-200 yilga yaqin tarixga ega. Shajara asosan 3 xildagi xat ko’rinishida yozilgan bo’lib, 100 dan ortiq shaxs nomi qayd qilingan.

Xulosa o’rnida ushbu shajara tafsiloti bilan qiziquvchi barcha maslakdoshlarimizni shajara tadqiqoti uchun chorlab qolamiz. Shuningdek tez kunlara uning tadqiqot natijalari bo’yicha sahifamiz o’quvchilarini bahramand qilish umididamiz.

Buyuk Britaniyaning London shahridagi o’zbek xonadonlaridan birining uyida saqlanayotgan shajaraning asliga ko’ra olingan nusxasi.

Muhrlar shajaraning aslidan olingan.

 

Tadqiq qilingan shajaraga ko’ra Maxdumi A’zamning kunimizgacha davom etgan nasab shajarasi.

About Sardorxon Jahongir
Shajaralarni taqdqiq qilish va tasdiqlash markazi