E’lonlar

 Shajaramizni o’rganaylik

   Shajara, arabcha so’z bo’lib, “daraxt” degan ma’noni anglatadi. Istilohda esa, sulola daraxti, nasab silsilasi yoki nasabnoma kabi ma’nolarni ifoda etadi.

Insonlar o’tmishdan to hozirgi kungacha o’z ajdodlari haqida qiziqib kelganlar. Shuningdek kelajak avlodlarga ham o’z sulolalarini davom ettirishda shajara tuzishni yaxshi ish deb ko’rganlar. Ilmi ansob ya’ni nasab ilmi avvaldan mashhur va bugungi kunimizgacha  bu bilim odamlar orasida o’z ahamiyatini yo’qotmagan. Shuningdek nasab bilmiga doir juda ko’p kitoblar ta’lif qilingan.

Biz har ne chog’lik o’z ota-bobolarimizni, kelib chiqqan naslimizni kimlarga borib qadalishini bilishni juda –juda istasakda, unga aniq va ravshan erishishimiz ancha mushkul ish. Lekin nima bo’lganda ham qo’limizda saqlanayotgan, bobolarimizdan bizlarga me’ros bo’lib qolgan shajaralarni o’rganish va tadqiq qilish jarayonida biz ko’pgina ma’lumotlarga ega bo’lamiz. Juda bo’lmaganda o’zimizga ma’lum bobolarimizdan e’tiboran hozirgi avlodgacha bo’lgan shajarani tuzish va uni davom ettirish imkoniyatiga egamiz.

Dunyoning ba’zi mamlakatlarida xususan g’arb davlatlarida shajarani tuzish va davom ettirish anchagina oson. Chunki ularda ancha yillardan buyon an’ana tarziga aylanib borgan bu holat, ya’ni sulola vakillarini qayd qilib turish odati bo’lgan.

Lekin shuni unutmasligimiz kerakki, bizning diyorimizda ham shajara bilmiga doir ko’pgina ma’lumotlar mavjud. Alalxusus bularga Bahodirxon G’oziyning “Shajarai Tarokima” Alisher Navoiyning “Majolisun Nafois” kabi asarlari bunga misol bo’la oladi.

Shu bilan birga hozirda uylarimizda saqlanayotgan bobolarimizdan qolgan qadimgi bitiklar, kitoblar, va turli shajaralar buning yorqin misoli.

Juda qadim tarixga ega bo’lgan ko’hna Turon zaminida ko’plab podshohlar, avliyolar, olimlar va shunga o’xshash mashhur shaxslar yashab o’tgani butun dunyoga ma’lum. Demak ularning avlodlari hozirda o’z oramizda yashayotganlari hech qanday sir emas. Zero xalqimiz orasidagi aksariyat odamlar o’zlarining muayyan avlod vakillari ekanliklarini, ajdodlari orasidan mashhur zotlar o’tganliklarini e’tirof qiladilar. Ismlarimizning “xon” “xo’ja” “bek” “mir” “shoh” kabi qo’shimchalar bilan aytilishi ham bejiz emas. Ba’zilarimizda tarixiy hujjat ya’ni, shajaralar mavjud bo’lsa, ba’zilarimiz bobolarimizdan takrorlanib kelayotgan rivoyatlarga suyanamiz. Bu ikki dalil ham o’z o’rnida ehtimoldan xoli emas albatta.

Shajaralarni shartli ravishda yetti yo’nalishga taqsimlash mumkin.

  1. Payg’ambar xonadoniga mansub bo’lgan avlodlar silsilasi ya’ni sayyidlar. Barchamizga ma’lum bo’lgan, Muhammad (s.a.v)ning qizlari Fotima va kuyovlari Hazrati Ali (r.a)ning farzandlari Hasan va Husayndan tarqalgan avlodlari shajarasi.
  2. Payg’ambar (s.a.v) sahobalaridan tarqalgan avlodlar. Xususan Abu Bakr. Umar va Usmon (r.a) va ularga o’xshash mashhur ashoblar zurriyodi silsilasi.
  3. Olimu fozillar, mutafakkir zotlar hamda valiylarning avlodlari shajarasi.
  4. Piri murshidlarning “irshod shajara”si. Bu esa nasab shajarasi bo’lmay, tariqatda murshidning muridiga bergan ruxsati hisoblanadi.
  5. Podshohlar, vazirlar, beklar, amirlar va shunga o’xshash amaldor shaxslarning shajarasi.
  6. Kelgusi naslga meros bo’lib qolishi va uni davom etishiga zamin yaratgan insonlar shajarasi.
  7. O’zlariga ma’lum bo’lgan ajdodlardan e’tiboran shajara tuzib, uni hozirda va kelajakda davom ettirishni maqsad qilgan ezgu niyat insonlarlar shajarasi.

Bizning maqsadimiz, yuqorida zikr etilgan taqsimotning qay biri Sizga mos kelsa, usha yo’sinda ko’maklashishdan iboratdir. Bu borada o’zingiz taqdim qilgan tarixiy hujjatlarni tahlil qilamiz, ularni hozirgi o’zbek alifbosiga o’girib beramiz. Manbalardagi shaxslar hayoti haqida batafsil o’rganib chiqib, ma’lumot beramiz. Undagi muhrlar va abjad hisobidagi sanalar haqida to’xtalib o’tamiz. Hamda uni tarixiy dalili ekanini jamiyatimizning manbashunoslik bo’limi tomonidan tasdiqlaymiz.

Qo’llarida shajarasi bo’lmagan shaxslarga esa taqdim qilgan hujjatlariga doir shajarani davom ettirishda ko’maklashib, ularni shajara tuzish jadvali bilan tanishtiramiz. Ajdodlaringizning  tarixda yoki bugun qilgan ishlarini risolada bayon qilib beramiz. Jumladan ulardan qolgan yozma yodgorliklar, insho etilgan binolar, madaniy va ma’rifiy sohada amalga oshirgan ishlarini yoritib beramiz. Kerak bo’lganda yodgorliklar yoki, binolarni ko’rib risolada bayon qilish uchun bevosita ekspeditsiya ishlari ham olib borilishi mumkin. Tarixiy va oilaviy fotosuratlardan foydalinib ularga izoh berish va qadimgi suratlarni tiklash ham bizning sizga ko’rsatgan xizmatimiz bo’ladi.

Mijozning istagiga qarab ekskluziv shajaralar (yog’och o’ymakorlik ishlari, zargarlik, noyob matolar va shunga o’xshash buyumlardan) tayyorlab berilishi ham mumkin. Hamda shajaralarni elektron tarzda tayyorlab berish ham ko’zda tutiladi.

Biz buyuk yurt va ulug’ ajdodlar davomchisimiz. Ularning ezgu ishlarini biz ham davom ettiraylik. Tarix uchun kelajak avlod uchun o’rnak bo’laylik. Har birimizning xonadonimizda sulolamizni davom ettirishda manba bo’ladigan shajaraga ega bo’laylik.

muqova